Mudofaa vazirligi harbiylarining navbatdagi xalqaro gʻalabasi
2026-09-20 13:00:00 / Yangiliklar

Ushbu nufuzli musobaqada AQSh, Ozarbayjon, Avstraliya, Polsha kabi jami 7 ta mamlakatning 12 ta jamoasidan 500 nafarga yaqin ishtirokchi oʻzaro kuch sinashdi. Bu jarayonlarni Turkiya, Meksika, Filippin, Malayziya singari 8 ta davlat harbiylari kuzatib bordi.
2023-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan mazkur musobaqaning bu yilgi bosqichida dastlab ishtirokchilar togʻli, oʻrmonli, shahar hududlarida jang olib borish shartlarini bajardi. Soʻngra bir vaqtning oʻzida har uchala hudud sharoitida jang olib borish bosqichida kuch sinashdi.
Har qanday mutaxassisdan katta tajriba va mahorat talab etadigan shartlar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun qiyinchilik tugʻdirmadi. Ular turli yoʻnalishlarda rekord natijalarni qayd etdi. Xususan, harbiylarimiz togʻli hududda mudofaada turgan shartli dushman kuchlarini talafotlarsiz toʻliq yakson qilib, 7 ta bayroqni qoʻlga kiritdi. Shu kunga qadar hech bir jamoa bunday natijani qayd etmagan.
Shahar sharoitida jang olib borish shartida ham mudofaalanayotgan shartli dushmanga hujum uyushtirib, barcha obyektlarni va 7 ta bayroqni qoʻlga kiritdi. Bu muvaffaqiyat ham avval hech bir jamoa tomonidan erishilmagan.
Shuningdek, shahar sharoitida jang olib borish sharoitida mudofaa obyektlarini ushlab turish boʻyicha hech bir jangchini yoʻqotmagan holda jamoamiz 7 ta obyekt va barcha bayroqlarni qoʻlga kiritib, rekordni yangiladi.
Umumiy hisobda 316 ball bilan Oʻzbekiston faxrli 1-, 212 ball bilan Kombodja 2- va 192 ball bilan mezbon Koreya jamoasi 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Harbiylarimiz Islom karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tantanali kutib olindi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









