Vatan uchun xizmat qilish – sharaf
2026-09-19 19:30:00 / Yangiliklar

Unda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faxriylari, Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi xotin-qizlar yo‘nalishi mutaxassislari, viloyat xalq ta’limi tizimi faxriylari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari hamda litsey o‘quvchilari ishtirok etdi.
Samimiy va mazmunli muloqot shaklida o‘tgan tadbirda Vatanga sadoqat, xalq manfaatiga xizmat qilish, ajdodlar merosini qadrlash, milliy g‘urur va ma’naviy mas’uliyat kabi tushunchalarning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi.
Ayniqsa, hayot yo‘lida katta tajriba orttirgan faxriylarning xotiralari, bosib o‘tgan mashaqqatli va sharafli yo‘llari haqidagi hikoyalari yoshlar uchun katta hayotiy saboq bo‘ldi. Ularning samimiy suhbatlari orqali tinchlikning qadr-qimmati, Vatan osoyishtaligi va xalq farovonligi o‘z-o‘zidan bunyod bo‘lmasligi, buning zamirida fidoyilik, mehnat, jasorat va yurtga bo‘lgan cheksiz muhabbat mujassam ekani ta’kidlandi.
Tadbirda so‘z olgan litsey direktori yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishda faxriylarning hayotiy tajribasi va ibratli faoliyati muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uchrashuv davomida yoshlar faxriylarning hayotiy tajribalarini katta qiziqish bilan tinglab, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ijodkorlar bilan bo‘lgan muloqot esa yoshlarning kitob va adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni teran fikrlashga, ona Vatan tarixini chuqur anglashga undashi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirda bildirilgan fikrlar, hayotiy misollar va samimiy suhbatlar yoshlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Ayniqsa, katta avlod vakillarining “Vatan uchun xizmat qilish – sharaf, xalq ishonchini oqlash – muqaddas burch” mazmunidagi o‘gitlari yoshlar uchun muhim hayotiy mezon bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati





