Janubda yoshlar bilan mazmunli uchrashuv o‘tkazildi
2026-09-18 11:50:00 / Yangiliklar

Unda yoshlar harbiy faxriylar hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashi mutaxassislari bilan ochiq muloqot qildi. Suhbat davomida ishtirokchilar faxriylarning hayotiy tajribasi, xizmat faoliyati va yoshlarga bergan tavsiyalari bilan yaqindan tanishdi.
Muloqotda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlarga hurmatini oshirish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida respublika bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Yo‘lovchi” loyihasi ham targ‘ib qilindi. Mutaxassislar tomonidan yoshlarga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, piyodalar uchun belgilangan yo‘laklardan to‘g‘ri foydalanish va yo‘lni kesib o‘tishda ehtiyotkorlik choralariga amal qilish yuzasidan tushunchalar berildi.
Shuningdek, piyodalar o‘tish joyidan harakatlanish vaqtida haydovchilar e’tiborini jalb etish maqsadida qo‘l ko‘tarib o‘tish tashabbusi haqida ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, piyodalar va haydovchilar o‘rtasida o‘zaro hurmatni shakllantirish hamda yo‘l harakati madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr
almashildi.
Tadbir yakunida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida kutubxona va muzeylarga sayohat uyushtirildi.
III darajali serjant Akbar AXMEDOV,
Termiz garnizoni.









