Kunduzgi va tungi mashg‘ulotlarda mahorat sinovdan o‘tkazildi
2026-09-18 10:45:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulotlar boshlanishidan avval yo‘riqchilar guruhi tomonidan 10 dan ortiq o‘quv nuqtasida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini tashkil etish, olib borish va baholash mezonlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, qurol-aslaha va jangovar texnikalardan foydalanish chog‘ida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar belgilangan vazifalarni bajarish, jamoaviy hamkorlikni ta’minlash hamda murakkab sharoitlarda tezkor va aniq qaror qabul qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
Ayniqsa, tungi sharoitda tashkil etilgan mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilardan yuqori darajadagi hushyorlik, intizom va mas’uliyatni talab qildi. Topshiriqlar tun sharoitining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib tashkil etilib, har bir ishtirokchining amaliy tayyorgarligi belgilangan mezonlar asosida baholandi.
Mazkur ko‘rgazmali-uslubiy mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning jangovar, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini yanada mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda murakkab vaziyatlarda xizmat vazifalarini puxta va samarali bajarish salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati



