Chegaraoldi hududlarda vatanparvarlik tadbiri
2026-09-18 08:50:00 / Yangiliklar

Navbatdagi ana shunday tadbir Toshkent harbiy prokuraturasi, okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, DXX Chegara qoʻshinlari hamda qator tashkilotlar hamkorligida Toshkent tumanining chegaraoldi hududlarida joylashgan “Guliston”, “Gʻisht koʻprik”, “Kensoy” va “Mustaqillik” mahallalari yoshlari, shuningdek, hududdagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirokida tashkil etildi.
Tadbir avvalida yoshlarga yurtimizda yosh avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va qulay sharoitlar, Vatanga sadoqat, yurt tinchligi va osoyishtaligini asrashning ahamiyati, shuningdek, harbiy xizmatning sharafli va masʼuliyatli burch ekani haqida tushunchalar berildi.
Tadbir davomida harbiy xizmatning oʻziga xos jihatlari, harbiy kasbning nufuzi, Vatan himoyachisi boʻlishning sharafi va masʼuliyati haqida ham maʼlumotlar berildi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari va harbiy xizmatchilardan javoblar oldilar.
Mudofaa vazirligi harbiy orkestrlarining kuy-qoʻshiqlari tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlab, bayramona muhitni yanada boyitdi.
Ayniqsa, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qoʻl jangi usullari, jangovar va jismoniy tayyorgarlik mashqlari, shuningdek, harbiy texnika va qurol-yarogʻ namunalarining koʻrgazmasi yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi harbiy qismi, tuman qoʻriqlash va favqulodda vaziyatlar boʻlimlari hamda DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilarining koʻrgazmali chiqishlari tadbirning eng esda qolarli lahzalaridan biri boʻldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti




