“Jasorat maktabi”ning 4-mavsumi boshlandi
2026-09-17 16:05:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Toshkent harbiy okrugining Angren garnizonida joylashgan harbiy qismda yangi mavsumning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyati harbiy prokuraturasi vakillari, harbiy qism qo‘mondonligi, o‘quvchi yoshlar hamda yig‘in ishtirokchilari qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarni yangi mavsum boshlangani bilan tabriklab, “Jasorat maktabi”ning yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini oshirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
O‘quv yig‘inlari davomida ishtirokchilarda Vatanga muhabbat va xalqiga sadoqat, jasorat, qat’iyat, jamoada hamjihatlik bilan harakat qilish hamda mas’uliyatni his etish kabi fazilatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yangi mavsum doirasida yoshlar harbiy va saf tayyorgarligi, jismoniy chiniqish, intizom hamda boshqa yo‘nalishlarda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Mashg‘ulotlar jarayonida ularning amaliy ko‘nikmalari va jismoniy imkoniyatlarini rivojlantirish bilan bir qatorda, turli vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatlarini mustahkamlashga ham e’tibor qaratiladi.
Toshkent harbiy okrugi matbut xizmati






