Mudofaa va xavfsizlik sohasiga oid qonunlar muhokama qilindi
2026-09-15 14:40:00 / Yangiliklar

Xususan, “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida”gi Qonun bilan tinchlik davrida safarbarlik tayyorgarligini tashkil etish, alohida davrda davlat va aholi ehtiyojlarini ta’minlash, umumiy yoki qisman safarbarlikni amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni yagona huquqiy asosda tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, safarbarlik jarayonida davlat organlari, iqtisodiyot tarmoqlari, tashkilotlar va fuqarolarning vazifa hamda majburiyatlarini aniq belgilash, ularning o‘zaro hamkorligini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qo‘mita a’zolari “Harbiy xizmatchilarning maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni ham atroflicha ko‘rib chiqdi.
Qonun harbiy xizmatchilarning turli toifalari, harbiy yig‘inlarga jalb etilgan fuqarolar, harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqarilgan fuqarolar, shuningdek, qonunda belgilangan hollarda harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Eng muhimi, hujjat bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun belgilangan huquqlar, ijtimoiy kafolatlar va imtiyozlarni ta’minlashning huquqiy asoslarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, majlisda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga davlat sirlarini saqlash faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama qilindi.
Qonun bilan huquqiy bo‘shliq va noaniqliklarni bartaraf etish hamda davlat sirlarini muhofaza qilishga oid talablarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.









