Askarlarning ota-onalari e'tirof markazida
2026-09-12 12:45:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
Jumladan, Harbiy havo kuchlari jangovar qo‘mondonligiga qarashli mazkur harbiy qismda xizmat qilayotgan 4 nafar muddatli harbiy xizmatchi qisqa muddat davomida o‘z ustida ishlab, yurtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi.
Mazkur quvonchli voqea munosabati bilan harbiy qismda “Askarlar ota-onasi – harbiy qismimiz mehmoni” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari, Yangiyo‘l tumani yoshlari, tuman hokimligi va jamoatchilik kengashi vakillari, nuroniylar hamda taniqli san’atkorlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyati, ular uchun yaratilgan sharoitlar hamda ta’lim olishi uchun berilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Ota-onalarga harbiy qismdagi sharoitlar yaqindan namoyish etilib, farzandlarining Vatan oldidagi burchini sharaf bilan ado etayotgani, shu bilan birga, oliy ta’limga qabul qilingani alohida e’tirof etildi.
Tadbir yakunida namunali xizmat olib borayotgan muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalariga minnatdorlik va ehtirom ramzi sifatida tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bugungi uchrashuv ota-onalar uchun ham, Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotgan yoshlar uchun ham unutilmas, quvonch va faxrga boy kunlardan biri bo‘ldi.
Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida sharafli xizmat qilayotgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizga mustahkam iroda, ulkan zafarlar va yorqin kelajak tilaymiz.





