Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamlanmoqda
2026-09-11 19:10:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulotlarda Termiz, Kakaydi va Xayrabod garnizonlaridan jalb etilgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Dastlab qo‘mondonlik boshlig‘i rahbarligida ko‘rgazmali mashg‘ulot o‘tkazildi. Unda o‘quv nuqtalarida belgilangan vazifalarni bajarish tartibi, qurol-aslahadan to‘g‘ri foydalanish, shuningdek, nishonlarga qarata o‘t ochish vaqtida qurolni xavfsiz boshqarish qoidalari amaliy tarzda namoyish etildi.
Shundan so‘ng yo‘riqchi-mutaxassislar tomonidan harbiy xizmatchilarga mashqlarni bajarish ketma-ketligi, harakatlar aniqligi va xavfsizlik talablariga rioya etish bo‘yicha tushuntirishlar berilib, amaliy ko‘rsatmalar taqdim etildi.
Mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilarning qurol bilan muomala qilish, jangovar mashinalarni boshqarish, nishonlarni aniqlash hamda belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
Amaliy mashg‘ulotlar kunduzgi va tungi sharoitlarda tashkil etilib, harbiy xizmatchilarning turli vaziyatlarda vazifalarni aniq va belgilangan tartibda bajarish, o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Yakunda harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasi tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va amaliy ko‘nikmalarni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiya hamda ko‘rsatmalar berildi.








