"I Jahon harbiy chellenji" ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2026-09-11 13:50:00 / Yangiliklar

Xususan, poytaxtimiz yana bir yirik tadbirga mezbonlik qilmoqda. Xalqaro harbiy Sport Kengashi (CISM) rahbarligida Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan musobaqa 120 dan ortiq harbiy sportchilarni bir maydonga jamlamoqda.
Bugun kunning birinchi yarmida xalqaro musobaqa oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing va matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda xorijiy va mahalliy OAV vakillari, hakamlar hamda harbiy sportchilar ishtirok etdi.
Brifingda dastlab tashkilotchilar tomonidan yig‘ilganlarga musobaqaning o‘tkazilish tartibi, qonun-qoidalari va baholash mezonlari haqida umumiy ma’lumot berildi.
Shuningdek, Xalqaro harbiy sport kengashi Bosh kotibi Roberto Rechchiya musobaqaning ahamiyati hamda o‘zbek kurashi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Shu bilan birga, mas’ullar ushbu musobaqaning qamrov darajasi yildan yilga oshib borayotgani, unga yana ko‘pgina harbiy sportchilar qiziqish bildirayotganini alohida ta’kidladi.
OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuoat anjumanida esa jurnalistlar musobaqa bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi. Xususan, Xalqaro harbiy Sport Kengashi vakili va Mudofaa vazirligi ma’sullari hamda xalqaro toifadagi hakamlar hay’ati bilan ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa tashkilotchilarining ta’kidlashicha, chempionatni xalqaro darajadagi hakamlar kuzatib boradi hamda natijalar adolatli e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, chempionatda dunyoning 15 ta (Oʻzbekiston, Polsha, Misr, Turkiya, Tojikiston, Hindiston, Misr, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Ruminiya, Moʻgʻuliston, Suriya, Turkmaniston va Eron) mamlakatidan kelgan 120 nafar harbiy sportchi 13 ta vazn toifasida kuch sinashadi.
Musobaqa dasturiga muvofiq, 13 ta medallar jamlanmasi uchun bahs olib boriladi. Har bir vazn toifasida ikkita uchinchi oʻrin belgilangani munosabati bilan jami 52 ta medal (13 ta oltin, 13 ta kumush va 26 ta bronza) oʻz egalariga topshiriladi.
Jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi 12 sentabr kuni soat 17:00 da Olimpiya shaharchasining Yakkakurash sport turlari majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









