Husan Botirov O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
2026-09-09 10:25:00 / Yangiliklar

Unda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi, Qishki sport turlari assotsiatsiyasi hamda qator sport tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya avvalida O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi o‘rinbosari Anvar Kurbaniyazov federatsiyaning 2022-yilda tashkil etilganidan buyon o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan hisobot berdi.
Shundan so‘ng konferensiyaning tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi va rais o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlar muhokama qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbari Husan Botirov O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi boshlig‘i Mansur Mamadaminov federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari, “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbari o‘rinbosari Anvar Kurbaniyazov esa federatsiya raisi o‘rinbosari etib bir ovozdan saylandi.
Konferensiya davomida federatsiyaning yangi raisi Husan Botirov o‘ziga bildirilgan yuksak ishonch uchun delegatlarga minnatdorlik bildirdi.
Konferensiyada federatsiyaning kelgusi faoliyatiga oid ustuvor yo‘nalishlar belgilab olinib, biatlonni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash va tayyorlash, murabbiylar salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi 2022-yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









