Harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi
2026-09-03 17:10:00 / Yangiliklar

Davra suhbatida Mudofaa sanoati agentligi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti mutaxassislari hamda joylardagi tegishli soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida kun tartibidan o‘rin olgan qator muhim masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida tushunchalar berilib, yangi qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonunlarning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni, ularning mazmuni hamda amaliy ahamiyati xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biri yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalasiga bag‘ishlandi. Bu borada harbiy xizmatchilarning yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi, transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga amal qilishi, yo‘llarda ehtiyotkorlikni oshirishi hamda baxtsiz hodisalarning oldini olishning samarali usullari va ilg‘or tajribalar yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning oliy ma’lumot olishiga yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, Axborot texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida harbiy xizmatchilar uchun masofaviy ta’lim shaklida tahsil olish imkoniyatlari haqida batafsil tushunchalar berildi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan davra suhbatida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislarga murojaat qilib, batafsil va asoslantirilgan javoblar oldi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati






