Ohangaron tumanidagi maktabda zamonaviy sport maydoni foydalanishga topshirildi
2026-09-03 16:55:00 / Yangiliklar

Zero, bu yilgi Mustaqillik bayrami maktab o‘quvchilari uchun nafaqat bayramona kayfiyat, balki ularga yaratilayotgan yangi imkoniyatlar bilan ham yodda qoladigan bo‘ldi. Qutlug‘ ayyom arafasida o‘quvchilarga munosib tuhfa sifatida maktab hududida zamonaviy sport stadioni barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur sport inshooti Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb etish hamda muntazam ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida bunyod etildi.
Yangi sport maydonining foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda okrug qo‘mondonligi, Ohangaron tumani hokimligi vakillari, maktab jamoasi, o‘qituvchilar hamda o‘quvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, yoshlarning sog‘lom, bilimli va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishida jismoniy tarbiya va sportning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, ta’lim muassasalarida zamonaviy sport infratuzilmasini rivojlantirish o‘quvchilarning jismoniy salomatligini mustahkamlash bilan birga, ularda iroda, qat’iyat, jamoaviy hamkorlik, mas’uliyat va g‘alabaga intilish kabi muhim fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan sport namoyishlari va musobaqalar tashkil etilib, yangi sport inshootining imkoniyatlari amaliy tarzda namoyish etildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









