Gʻolib sportchilarimiz Mustaqillik bayrami arafasida yurtimizga qaytdi
2026-08-31 13:10:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari, Mudofaa vazirligi Sport markazi Qurolli Kuchlar xizmatchilari Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev yengil vaznli juftliklar — LM2x dasturida yuksak mahoratini namoyish etib, oltin medalni qoʻlga kiritishdi.
Eʼtiborlisi, mazkur natija Oʻzbekiston akademik eshkak eshish sporti tarixida kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida qoʻlga kiritilgan ilk oltin medal sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib oʻrin oldi.
Bu hali hammasi emas.
Polsha davlatining Poznan shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi safida ishtirok etgan sportchilarimiz ham munosib natijalarni qayd etishdi.
Xususan, ayollar oʻrtasida 200 metr masofaga juftlik kanoe dasturida Shohsanam Sherzodova hamda Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi, III darajali serjant Nilufar Zokirova marraga ikkinchi boʻlib yetib kelib, jahon chempionatining kumush medalini qoʻlga kiritishdi.
Ushbu natijalar Oʻzbekiston sportchilarining jahon arenasidagi nufuzi tobora ortib borayotganini yana bir bor amalda namoyon etdi. Ayniqsa, Mudofaa vazirligi tizimida sport bilan muntazam shugʻullanib, mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilayotgan harbiy xizmatchilarning bu kabi gʻalabalari yosh avlod uchun ham yuksak ibrat namunasidir.
Gʻolib sportchilarni tantanali kutib olish marosimida Mudofaa vazirligining masʼul ofitserlari, harbiy xizmatchilar, sportchilarning yaqinlari ishtirok etdi. Gʻolib sportchilarimizga diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Qahramonlarimizning aeroportda gullar va samimiy olqishlar bilan kutib olinishi ayni bayram kunlarida barchaga oʻzgacha taassurot uygʻotdi.
Qoʻlga kiritilgan medallar shubhasiz, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik bayramiga unutilmas tuhfa boʻldi.



