Bekobod shahrida “Vatanparvarlar” bog‘i foydalanishga topshirildi
2026-08-29 17:45:00 / Yangiliklar

“Do‘stlik” mahallasi hududida Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur bog‘ning tantanali ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi.
Tadbirda Bekobod shahar hokimi hamda Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etishdi.
Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, yosh avlodni Vatanga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, aholi uchun zamonaviy va obod maskanlar barpo etish borasidagi ezgu tashabbuslarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng nuroniylar ishtirokida bog‘ning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilib, ramziy tasma qirqildi.
Mehmonlar “Vatanparvarlar” bog‘ini ko‘zdan kechirib, bu yerda yaratilgan sharoitlar hamda amalga oshirilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Bayram dasturi harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, harbiy orkestr jamoasining musiqiy ijrosi hamda Madaniyat bo‘limining xushovoz xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
Tashkil etilgan chiqishlar mahalla aholisi va tadbir mehmonlariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati








