Oliy harbiy ta’lim muaasasalarida bayram tadbirlari o‘tkazildi
2026-08-29 12:20:00 / Yangiliklar

Tadbirlar davomida so‘zga chiqqanlar yurtimiz hayotidagi qutlug‘ sana — Mustaqillik bayrami bilan barcha ishtirokchilarni muborakbod etib, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni asrash, Vatan ravnaqi hamda xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning ahamiyatini alohida qayd etdilar.
Bayram tadbirlarida ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan kursantlar, tinglovchilar hamda professor-o‘qituvchilar va harbiy xizmatchilarning namunali faoliyati e’tirof etildi. Xizmat va o‘quv jarayonida yuqori natijalarga erishgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilariga navbatdagi harbiy unvonlar, faxriy yorliqlar, esdalik nishonlari va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tadbirlarning badiiy qismida universitet va institutlarning ijodiy jamoalari, harbiy orkestrlar, san’atkorlar hamda baxshilar tomonidan Vatan, istiqlol va tinchlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sahna chiqishlari namoyish etildi. Yangragan dilbar taronalar va ijodiy chiqishlar bayram ishtirokchilariga yuqori kayfiyat ulashdi.
Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirlar harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va yuksak mas’uliyat ruhida tarbiyalash, shuningdek, harbiy xizmatchilarni o‘z xizmat burchini sidqidildan ado etishga ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









