Yunusobod tumanida Mudofaa ishlari bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi
2026-08-28 13:00:00 / Yangiliklar

Ochilish marosimida Toshkent shahar va Yunusobod tumani hokimligi hamda Mudofaa vazirligi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olganlar yangi binoning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan xodimlarga ezgu tilaklar bildirildi.
Yangi bino zamonaviy kompyuter texnikalari va zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, u Mudofaa vazirligining yagona elektron platformasi hamda «Chaqiruv» tizimiga integratsiya qilindi.
Mazkur tizimlar chaqiriluvchilar hisobini yuritish, hujjatlarni rasmiylashtirish va tegishli jarayonlarni raqamlashtirish imkonini beradi. Natijada ortiqcha qog‘ozbozlik va fuqarolarning sarsongarchiligini kamaytirishga erishiladi.
Bundan tashqari, chaqiruv punktlari zamonaviy kuzatuv kameralari bilan jihozlandi. Bu chaqiriluvchilar hamda ularning ota-onalariga tibbiy ko‘rik jarayonlarini kuzatish imkonini beradi.
Yangi ma’muriy bino va joriy etilgan zamonaviy tizimlar mudofaa ishlari sohasida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati








