Qahramonlar xotirasi — abadiy
2026-08-20 15:25:00 / Yangiliklar

Mustaqilligimizning 35 yillik tantanasi arafasida yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilar xotirasini abadiylashtirish, ularning ibratli hayot yo‘lini yosh avlodga yetkazish maqsadida Sirdaryo viloyatida qator tadbirlar tashkil etildi.
Xususan, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, Sirdaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi, faxriylar va nuroniylar 2000–2001-yillarda Sariosiyo voqealari davomida Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning xonadonlarida bo‘lib, ularning oila a’zolari holidan xabar olishdi.
Mehmonlar qahramonlarning hayot yo‘li, Vatanga sadoqati, jasorati va fidoyiligini yodga olib, ularning yaqinlariga chuqur hurmat-ehtirom bildirishdi va oila a’zolariga Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan pul mablag‘larini topshirishdi.
Ana shunday tadbirlardan biri Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida tavallud topgan katta serjant Elomon Otajonov xonadonida amalga oshirildi. Marhum harbiy xizmatchining oila a’zolari bilan suhbat davomida uning Vatan himoyasi yo‘lidagi fidokorona xizmati va jasorati yodga olinib, qahramonning yorqin xotirasi hamisha e’zozda ekani ta’kidlandi.
Mehmonlarning navbatdagi manzili Sirdaryo tumanida tug‘ilib o‘sgan va xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan katta leytenant Xayrullo Bozorovning xonadoni bo‘ldi. Suhbat davomida Xayrulloning Vatanga sadoqati, mardligi va fidoyiligi haqida so‘z yuritilib, uning hayoti va qahramonligi yosh avlod uchun ibrat maktabi ekani qayd etildi.
Bunday yo‘qlovlarda nafaqat qahramonlar xotirasini yod etish, balki ularning oila a’zolari doimo e’tibor va e’zozda ekanini his qildirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati




