“Jasorat maktabi” rahbarlari uchun o‘quv-uslubiy seminar o‘tkazildi
2026-08-14 22:10:00 / Yangiliklar

Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Quruqlikdagi qo‘shinlar institutida o‘tkazilgan seminarning asosiy maqsadi mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish, ularni zamonaviy ta’lim metodikalari va innovatsion yondashuvlar bilan tanishtirish, shuningdek, mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratildi.
Tadbirda ishtirokchilarga chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik mashg‘ulotlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, o‘quvchi-yoshlar bilan ishlashning samarali usullari hamda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirishga qaratilgan metodik tavsiyalar berildi. Nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar orqali mustahkamlandi.
Seminar ishtirokchilarining olgan bilim va tajribalarini mamlakatimizning barcha hududlaridagi ta’lim muassasalarida keng joriy etish ko‘zda tutilgan. Xususan, joriy yilning 18–20-avgust kunlari seminar ishtirokchilari respublikadagi umumta’lim muassasalarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbarlari bilan har bir tuman va shaharda tashkil etilgan “Jasorat maktablari” bazasida uch kunlik o‘quv-uslubiy seminarlarni o‘tkazishda faol ishtirok etadi.
Mazkur tadbirlar orqali o‘quvchi-yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, harbiy-vatanparvarlik ruhini yanada yuksaltirish, ularning jamiyat taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash hamda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga xizmat qiladigan samarali ta’lim muhitini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







