Mashgʻulotlar amaliyot bilan uygʻunlashtirildi
2026-08-13 18:55:00 / Yangiliklar

Mazkur oʻquv davomida harbiy xizmatchilarning turli murakkab va keskin vaziyatlarda oʻzini tutishi, ruhiy barqarorligini saqlashi, jamoa bilan hamjihat harakat qilishi hamda psixologik bosimlarga tayyor turishiga alohida e'tibor qaratildi. Oʻquv jarayonida zamonaviy qurolli toʻqnashuvlar tajribasi, dunyo va mintaqada kechayotgan harbiy-siyosiy jarayonlar, axborot makonidagi turli ta'sirlar hamda ularning harbiy xizmatchilar ongi va ruhiy holatiga ta'siri tahlil qilindi.
Nazariy bilimlar amaliy mashgʻulotlar bilan uygʻunlashtirilib, vaziyatli topshiriqlar va turli mashqlar orqali shaxsiy tarkibning murakkab sharoitlarda toʻgʻri qaror qabul qilish koʻnikmalari mustahkamlandi. Oʻquvda harbiy xizmatchilarning vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirish, milliy gʻurur va Vatanga sadoqat hissini mustahkamlash masalalariga ham alohida urgʻu berildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning axborot-psixologik ta'sirlarga nisbatan barqarorligini oshirish, turli provokatsion ma'lumotlarga tanqidiy yondashish, ishonchli manbalardan foydalanish va axborot xavfsizligiga rioya qilish masalalari ham qamrab olindi. Mashgʻulotlar davomida harbiy xizmatchining ruhiy bosim ostida ham oʻzini boshqara olishi, vaziyatni toʻgʻri baholashi va zimmasidagi vazifani mas'uliyat bilan bajarishi muhim omil sifatida koʻrib chiqildi.
Koʻrgazmali maxsus taktik oʻquv yakunida belgilangan vazifalar amaliyot bilan uygʻun holda tahlil qilinib, shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va psixologik barqarorligini yanada oshirishga qaratilgan yondashuvlar belgilab olindi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





