Qarshi va Jizzax garnizonlarida kibersport musobaqasi
2026-08-13 10:50:00 / Yangiliklar

Zamonaviy o'yinlarda o'zining tezkor qaror qabul qilish, jamoaviy hamjihatlikda harakatlanish kabi sifatlarini namoyon eta olgan harbiy xizmatchilar jamoalari murosasiz bahslarga kirishdi. Janubi-g'arbiy maxsus harbiy okrug kiberxavfsizlik markazining tajribali mutaxassislari nazorati ostida, shaffof tarzda baholab borilgan bahslar harbiy xizmatchilar uchun yangicha yo'nalishda o'zini kashf etish maydoni bo'ldi.
Tezkorlik, hamjihatlik, strategik fikrlashni talab etuvchi jarayonlarda har bir ishtirokchining o'z o'rni va g'alabaga hissasi mavjud. Shu jihatdan kibermakonda ham jamoaviy jipslik muhim talab hisoblanadi. Bugungi axborot texnologiyalari bilan ishlash dolzarbligi ortib borayotgan muhitda bu kabi musobaqalarning tashkil etilishi harbiy xizmatchilarda zamonaviy bilimlarni egallash, strategik fikrlashni yaxshilash uchun xizmat qiladi.
Musobaqada g'oliblikni qo'lga kiritgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar.
Shuningdek, Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizonida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot texnologiyalariga bo'lgan qiziqishini oshirish, raqamli savodxonlik va amaliy ko'nikmalarini rivojlantirish hamda bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida kibersport musobaqasining dastlabki saralash bosqichi yuqori saviyada o'tkazildi.
Mazkur musobaqa davomida ishtirokchilar o'zlarining yuqori darajadagi strategik tafakkuri, tezkor fikrlash qobiliyati va murakkab vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qilish mahoratini amalda namoyish etdilar. Shuningdek, bellashuvlar jamoaviy hamjihatlik, o'zaro ishonch va hamkorlik ruhida o'tib, harbiy xizmatchilar o'rtasida sog'lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qildi. Keskin va murosasiz kechgan bahslarda jamoalar munosib natija qayd etish uchun o'zlarining bor kuch va salohiyatini safarbar etdilar.
Bellashuvlarning adolatli va shaffof o'tishini ta'minlash maqsadida hakamlar hay'ati jalb etilib, jarayonlar amaldagi nizom va tasdiqlangan qoidalar asosida nazorat qilindi. Baholash jarayonida ishtirokchilarning faolligi, strategik yondashuvi, o'yin davomidagi o'zaro hamjihatligi hamda namoyon etgan yuksak mahorati ham alohida e'tiborga olindi.
Musobaqa yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan eng yaxshi jamoalar saralab olindi va g'olib hamda sovrindorlar munosib ravishda taqdirlandilar.





