Kibersport – zamonaviy ko‘nikmalar maydoni
2026-08-11 22:45:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida kibersport, dron va robot texnologiyalari yoʻnalishidagi sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori zamonaviy harbiy xizmatchilarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishda tarixiy qadam boʻldi.
Bahslar davomida har bir jamoa oʻzining strategik fikrlashi, tezkor qaror qabul qilishi, vaziyatni toʻgʻri baholay olishi hamda jamoaviy harakat mahoratini namoyon etdi. Musobaqa jarayonlari hakamlar hay'ati tomonidan nizom talablari asosida, shaffof va adolatli baholab borildi. Bunday musobaqalarni muntazam oʻtkazish harbiy xizmatchilarning zamonaviy texnologiyalarga boʻlgan qiziqishini oshirish, mantiqiy tafakkurini charxlash, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va eng muhimi jamoaviy hamkorlik muhitini mustahkamlashda muhimdir.
Sharqiy harbiy okrugning Farg‘ona garnizonida joylashgan harbiy qismlardan birida ham harbiy xizmatchilar ishtirokida kibersport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa ishtirokchilar uchun nafaqat o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazish, balki jamoaviy hamkorlik, tezkor fikrlash va vaziyatga mos ravishda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatlarini namoyish etish imkonini berdi. Bellashuvlar davomida jamoalar har bir vaziyatga o‘ziga xos strategik yondashib, belgilangan vazifalarni hamjihatlik bilan bajarishga intildilar.
Qizg‘in kechgan bahslarda ishtirokchilarning tezkorligi, diqqat-e’tibori va jamoaviy harakatlari alohida ahamiyat kasb etdi. Har bir jamoa o‘zaro kelishilgan holda harakat qilib, raqib ustidan ustunlikka erishish uchun turli strategiyalarni qo‘lladi. Bu esa musobaqaga o‘ziga xos raqobat va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Bellashuvlarning xolis va adolatli o‘tishi hakamlar hay’ati tomonidan nazorat qilindi. Ishtirokchilarning natijalari belgilangan mezonlar asosida baholanib, o‘yin davomida jamoaviy hamkorlik, strategik fikrlash, faollik va tezkor qaror qabul qilish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan jamoalar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.





