Mustaqillik to‘yi – qalblarda Vatan iftixori
2026-08-11 18:45:00 / Yangiliklar

Bayramona tadbir ishtirokchilarni harbiy orkestrning jarangdor kuy-sadolari ostida tantanali kutib olishdan boshlandi. Mehmonlar harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, kutubxona hamda harbiy qism muzeyida saqlanayotgan tarixiy va ma’naviy meros bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbirning badiiy qismi esa haqiqiy bayram shukuhiga ulanib ketdi. Sahna uzra yangragan jonli ijrodagi qo‘shiqlar va milliy madaniyatimiz, boy an’analarimizni tarannum etuvchi badiiy chiqishlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, Vatan, tinchlik va istiqlolni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari qalbida yurtga muhabbat, fidoyilik va sadoqat tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirdi.
Tantanali tadbirda yurtimiz tinchligi, xalqimiz birdamligi va davlatimiz mustaqilligining qadr-qimmati alohida e’tirof etildi. “Mustaqillik to‘yi” festivali nafaqat bayramona kayfiyat, balki yuksak ma’naviy ruh, milliy g‘urur va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bunday tadbirlar harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini yagona ezgu maqsad – ona Vatanimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lida yanada jipslashtirish, yosh avlod qalbida istiqlol g‘oyalariga hurmat va sadoqatni mustahkamlashga xizmat qiladi.



