Jangovar tayyorgarlikda ruhiy barqarorlik
2026-08-11 18:10:00 / Yangiliklar

Oʻquvning asosiy maqsadi shaxsiy tarkibning murakkab vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilishi, ruhiy barqarorligini saqlashi va yuklatilgan vazifalarni ishonchli bajarishi uchun zarur koʻnikmalarni mustahkamlashdan iborat.
Mashgʻulotlar davomida zamonaviy harbiy mojarolar tajribasi, axborot-psixologik ta'sirlar, jangovar vaziyatlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ruhiy bosimlar tahlil qilinib, ularga nisbatan barqarorlikni shakllantirishga e'tibor qaratilmoqda. Shuningdek, harbiy xizmatchilarda vatanparvarlik, milliy gʻurur, Vatanga sadoqat va jamoaviy hamjihatlik tuygʻularini yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.
Oʻquv jarayonida nazariy bilimlar amaliy topshiriqlar bilan uygʻunlashtirilib, turli vaziyatlarda oʻzini boshqarish, psixologik bosimlarga berilmaslik va mas'uliyat bilan harakat qilish koʻnikmalari takomillashtirilmoqda. Zero, zamonaviy armiyaning salohiyati nafaqat texnika va qurol-yarogʻ, balki ruhan barqaror, yuksak ma'naviyatli va har qanday sharoitda Vatan himoyasi vazifasini sharaf bilan bajarishga tayyor harbiy xizmatchilar bilan ham belgilanadi.






