Muddatli harbiy xizmat davrida kasb egallash uchun keng imkoniyatlar
2026-08-07 16:20:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatchilarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilgan.
Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan harbiy qismda xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar harbiy qism bazasi hamda Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, avtochilangarlik, chilangarlik, kompyuter texnikasi operatorligi, buxgalteriya, AutoCAD dasturi, kompyuter grafikasi kabi o‘ndan ortiq yo‘nalish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun xorijiy tillarni o‘rganish, ma’naviy-ma’rifiy hamda ijodiy to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular "Ma’naviyat qalqoni" tanlovlarida hamda madaniy tadbirlarda faol ishtirok etib, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etmoqda.
Loyiha doirasida ayrim harbiy xizmatchilar axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik yo‘nalishida malaka oshirayotgan bo‘lsa, boshqalari haydovchilik, mexaniklik, texnik xizmat ko‘rsatish va chilangarlik kabi kasblarni egallash yo‘lida tahsil olmoqda.
“Bitta askar – bitta kasb” loyihasi muddatli harbiy xizmatni o‘tash bilan bir qatorda yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy kasb-hunarga ega mutaxassis sifatida hayotga tayyorlash hamda bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









