Kibersport zamonaviy bilim va salohiyatni namoyon etuvchi maydon
2026-08-06 14:00:00 / Yangiliklar

Musobaqada qo‘shilma va harbiy qismlardan saralab olingan jamoalar o‘zaro kuch sinashib, zamonaviy kibersport yo‘nalishlarida yuqori mahorat va tayyorgarliklarini namoyish etdilar. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar har bir vaziyatni chuqur tahlil qilish, jamoa bilan uyg‘un harakat qilish hamda qisqa vaqt ichida to‘g‘ri qaror qabul qilish borasidagi salohiyatlarini ko‘rsatdilar.
Bahslar murosasiz va qiziqarli ruhda kechib, har bir jamoa g‘alaba uchun bor imkoniyatlarini ishga soldi. Musobaqa jarayonida harbiy xizmatchilarning axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimlari, mantiqiy fikrlashi, strategik yondashuvi va o‘zaro hamjihatligi alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Tadbir yakunida hakamlar hay’ati tomonidan barcha ishtirokchilarning natijalari xolis baholanib, g‘olib va sovrindor jamoalar diplom, kubok hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqada faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar keying bosqichga yo’llanmani qo’lga kiritdi.
Mazkur musobaqa harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yosh harbiylar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda vatanparvarlik ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati





