"Nukus" hamda "Yangiariq" dala o‘quv maydonlarida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi sinovdan o‘tkazildi
2026-07-23 19:05:00 / Yangiliklar

Bunda guruh qurollari, tanklar hamda boshqa turdagi zamonaviy jangovar texnika va qurol-aslahalardan foydalangan holda nishonlarni yuqori aniqlik bilan yakson etish, o‘t ochishni mohirona boshqarish, jangovar vositalarning imkoniyatlaridan oqilona foydalanish va vaziyatga mos qaror qabul qilish borasida har bir harbiy xizmatchining individual mahorati sinovdan o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida taktik uchlik va to‘rtlik tarkibida bajarilgan amaliy vazifalar alohida ahamiyat kasb etdi. Ushbu bosqichda bo‘linmalarning jipsligi, o‘zaro ishonch va hamjihatlikka asoslangan harakatlari, murakkab vaziyatlarda tashabbuskorlikni namoyon etish, tezkor qaror qabul qilish hamda vazifalarni qisqa muddatda sifatli ado etish ko‘nikmalari yanada mustahkamlandi.
Mashg‘ulotlarning yana bir muhim jihati shundan iborat bo‘ldiki, unda harbiy xizmatchilarning jismoniy chiniqqanligi bilan bir qatorda ruhiy-psixologik barqarorligini mustahkamlash, ekstremal vaziyatlarda sovuqqonlikni saqlash, xavfsizlik talablariga og‘ishmay rioya etish hamda bo‘linmalar o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni ta’minlash masalalariga ustuvor e’tibor qaratildi.
Har bir o‘quv bosqichi yakunida mashg‘ulotlar tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan atroflicha muhokamalar o‘tkazildi hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy-uslubiy tavsiyalar berildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati








