Harbiy qismlarning jangovar shayligi kompleks sinovdan o‘tkazildi
2026-07-21 09:30:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulotlar jangovar signal berilishi bilan boshlandi. Harbiy xizmatchilar belgilangan me'yor va tartiblar asosida qisqa fursatda shaxsiy qurol-aslahalari hamda harbiy texnikalarini jangovar holatga keltirib, bo‘linmalarni safarbar etdi. Shundan so‘ng bo‘linmalar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-jangovar vazifalarni bajarish hududlariga harakatlanib, shartli taktik vaziyatlar asosida yuklatilgan topshiriqlarni amaliy tarzda bajardi.
Mashg‘ulotlar davomida bo‘linmalarning jangovar shaylik darajasi, shaxsiy tarkibning tezkor qaror qabul qilish qobiliyati, harbiy texnika va qurol-aslahalardan samarali foydalanish ko‘nikmalari, shuningdek, harakatlarni muvofiqlashtirish darajasi atroflicha sinovdan o‘tkazildi. Har bir bosqichda harbiy xizmatchilarning belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida, aniq va sifatli bajarishiga alohida e'tibor qaratildi.
Amaliy mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi bo‘linmalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirish, zamonaviy tahdid va shartli jangovar vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda boshqaruv organlarining tezkorlik bilan qaror qabul qilish salohiyatini baholashdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar jarayonida kuch tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Xususan, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlarda jangovar harakatlarni tashkil etish algoritmlari, vazifalarni bosqichma-bosqich bajarish tartibi hamda idoralararo muvofiqlashtirilgan hamkorlik mexanizmlari amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, shaxsiy tarkibning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi, harbiy intizomga rioya etishi, buyruqlarni aniq va o‘z vaqtida bajarishi hamda harbiy texnikalarning jangovar qo‘llashga shay holati belgilangan mezonlar asosida baholandi.
O‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar yakunlariga ko‘ra, harbiy qismlarning jangovar shaylik darajasi, bo‘linmalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik hamda shaxsiy tarkibning xizmat-jangovar vazifalarni bajarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari yana bir bor mustahkamlandi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







