Havo mudofaasi — zamonaviy tahdidlarga qarshi ishonchli qalqon
2026-07-20 18:00:00 / Yangiliklar

Dala mashg‘ulotlari davomida bo‘linmalarning o‘zaro hamkorligi va muvofiqlashtirilgan harakatlarini takomillashtirish, shuningdek, kichik o‘lchamli hamda past balandlikda harakatlanuvchi uchuvchisiz uchish apparatlarini aniqlash, kuzatish va zararsizlantirish bo‘yicha amaliy vazifalar bajarildi.
Harbiy xizmatchilar jangovar vaziyatga maksimal darajada yaqinlashtirilgan sharoitda zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalarni kechayu kunduz, turli hudud hamda ob-havo sharoitlarida samarali qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi. Mashg‘ulotlar jarayonida bo‘linmalarning tezkor qaror qabul qilish, harakatlarni muvofiqlashtirish hamda shartli havo nishonlariga o‘z vaqtida munosib javob qaytarish qobiliyati sinovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, shaxsiy tarkibning mutaxassisligi bo‘yicha nazariy bilimlari taktik mashg‘ulotlar bilan uzviy uyg‘unlashtirildi. Harakatlanish jarayonida qo‘riqlanayotgan bo‘linmalar va muhim obyektlarni havo hujumlaridan ishonchli himoya qilish, havo tahdidlarini o‘z vaqtida aniqlash hamda ularga qarshi samarali choralar ko‘rish usullari amaliy jihatdan takomillashtirildi.
Dala chiqishlari davomida harbiy xizmatchilar belgilangan o‘quv-jangovar vazifalarni amaldagi me’yoriy talablar asosida muvaffaqiyatli bajarib, jangovar shaylik darajasini yanada oshirdi. Bo‘linmalarning tezkor harakatlanishi, zamonaviy tahdidlarga moslashuvchan javob qaytarishi hamda o‘zaro hamkorlikni ta'minlash borasidagi amaliy tajribasi mustahkamlandi.
Mashg‘ulotlar yakunida shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi atroflicha tahlil qilinib, erishilgan natijalar baholandi. Aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish hamda bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






