Saylov tartib-qoidalariga bag‘ishlangan seminar-mashgʻulot bo‘lib o‘tdi
2024-08-23 16:50:00 / Yangiliklar

Ushbu saylovlarda 18 yoshdan oshgan mamlakatimizning barcha fuqarolari qatnashish huquqiga ega. Shu jumladan, harbiy xizmatchilar ham. 27-oktyabr kuni harbiy qismlar va muassasalarda saylov uchastkalari tashkil etilib, ularda deputatlikka nomzodlar uchun ovoz berish jarayoni amalga oshiriladi. Mazkur jarayonning demokratik tamoyillar asosida oʻtishi taʼminlanishi uchun harbiy xizmatchilar ham bosh-qosh boʻlishadi. Mudofaa vazirligi markaziy apparati binosida boʻlib oʻtgan seminar-mashgʻulotda amalga oshirilish saylov tartib-qoidalari hamda koʻzda tutilgan ishlar rejalari muhokama qilindi.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi yuridik fanlari doktori, professor Ahror Xudoyberdiyev, Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik fanlari falsafa doktori Faxriddin Madiyev ishtirok etdi. Onlayn videokonfrens aloqa tizimida oʻtkazilgan seminar-mashgʻulot harbiy okruglar, qoʻmondonliklar, oliy harbiy taʼlim muassasalari masʼul ofitserlari kuzatib borishdi.
Tadbir soʻngida tinglovchilar tomonidan berilgan savollar boʻyicha yangi tizimdagi saylov tartib-qoidalari haqida tushunchalar berib oʻtildi. Yangicha tizimda boʻlib oʻtishi kutilayotgan bu safargi saylovlar – aralash (majoritar va proporsional) tizimda tashkillashtiriladi. Bunda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlarining 75 nafari odatdagidek majoritar, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida saylanishi boʻyicha siyosiy partiyalarning nufuzi belgilanishiga eʼtibor qaratildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti


