Muddatli harbiy xizmatdan talabalik sari qadam
2026-07-18 11:40:00 / Yangiliklar

Xususan, Termiz va Kakaydi garnizonlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan hamda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirib, onlayn ro‘yxatdan o‘tgan harbiy xizmatchilar uchun eng mas’uliyatli pallalar boshlandi. Ular ayni kunlarda Bilim va malakalarni baholash agentligining Termiz shahridagi binosida davlat test sinovlarini topshirmoqda.
Belgilangan jadvalga muvofiq, joriy yilning 23-iyuliga qadar bo‘lib o‘tadigan davlat test sinovlarida mazkur garnizonlardan jami 47 nafar muddatli harbiy xizmatchi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrugning Nukus garnizonidagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni o'tayotgan askarlar ham oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etmoqda.
Muddatli harbiy xizmatchilar oliy ta’lim muassasasiga talabalikka tavsiya etilgan taqdirda, harbiy xizmatni o‘tash davrida birinchi o‘quv choragini masofaviy ta’lim shaklida o‘zlashtiradi. Muddatli harbiy xizmatni muvaffaqiyatli yakunlagach esa o‘qishga qabul qilingan oliy ta’lim muassasasida ikkinchi o‘quv yilidan boshlab kunduzgi ta’lim jarayonini davom ettiradi.
E’tiborlisi, imtihonlarga kirayotgan askarlarning o‘z bilim va salohiyatiga bo‘lgan ishonchi juda yuqori. Bu ishonch o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Askarlar joriy yilning 1-may kunidan boshlab beshta fan bo‘yicha puxta tayyorgarlik ko‘rib, nazariy bilimlarini mustahkamlab bordilar. Harbiy qismlarda yaratilgan shart-sharoitlar va o‘quv adabiyotlari ularning imtihonlarga har tomonlama puxta tayyorlanishini ta’minladi.







