Mudofaa vazirligi ofitserlari uchun malaka oshirish kursi boshlandi
2026-07-13 12:50:00 / Yangiliklar

Mazkur oʻquv kursi harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ularning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatni zamonaviy talablar asosida samarali tashkil etish boʻyicha bilim va amaliy koʻnikmalarini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
14 kun davom etadigan, umumiy hajmi 72 soatni tashkil etuvchi oʻquv dasturi harbiy sohada tarbiyaviy va mafkuraviy faoliyatni takomillashtirish, ofitserlarning zamonaviy boshqaruv usullari, kommunikativ kompetensiyalari hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish borasidagi tajribalarini boyitishni nazarda tutadi.
Mashgʻulotlar davomida tinglovchilar psixologiya, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, kiberxavfsizlik, boshqaruv samaradorligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, jamoa bilan ishlash tamoyillari hamda xizmat faoliyatida muhim oʻrin tutuvchi boshqa dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha nazariy va amaliy bilimlarni egallamoqda. Darslar institutning malakali professor-oʻqituvchilari, tajribali mutaxassislar hamda tegishli soha ekspertlari tomonidan interfaol usullar asosida olib borilmoqda.
Oʻquv jarayonida tinglovchilarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uygʻunlashtirish, harbiy jamoalarda sogʻlom maʼnaviy-ruhiy muhitni shakllantirish, shaxsiy tarkib bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda zamonaviy tahdid va axborot xurujlariga nisbatan mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, mashgʻulotlarda real xizmat faoliyatida uchraydigan vaziyatlar tahlil qilinib, ularni samarali hal etish boʻyicha ilgʻor yondashuvlar muhokama qilinmoqda.
Kurs yakunida tinglovchilar egallagan nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini kundalik xizmat faoliyatiga samarali tatbiq etish, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini beruvchi zarur kompetensiyalarga ega boʻlishlari kutilmoqda.
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





