Kasbiy mahorat sinovdan o'tdi
2026-07-06 16:50:00 / Yangiliklar

Yig‘in saf ko‘rigi bilan boshlandi. Unda ishtirokchilar saf tayyorgarligi bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etib, belgilangan saf elementlarini nizom talablari asosida bajardi. Harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasi mutaxassislar tomonidan baholandi.
Yig‘inning birinchi kunida Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi ofitserlari, Olmaliq shahridagi "MISIS" universiteti professor-o‘qituvchilari hamda qo‘mondonlik boshqaruv apparati kadrlar bo‘limi mutaxassislari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mashg‘ulotlarda harbiy kadrlar siyosatini takomillashtirish, zamonaviy boshqaruv usullarini qo‘llash, inson resurslarini boshqarish, xizmat faoliyatida uchraydigan muammolarni hal etish hamda rahbarlik faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘inning ikkinchi kunida qo‘mondonlik boshqaruv apparati kadrlar bo‘limi rahbarlari hamda qo‘shilmalar kadrlar bo‘limi boshliqlari ishtirokida amaldagi qonunchilik va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlar, yangi qabul qilingan hujjatlarning mazmun-mohiyati yuzasidan mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilarga amaliy faoliyatda uchraydigan masalalarni huquqiy jihatdan hal etish bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Dastur doirasida harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi ham sinovdan o‘tkazildi. Ishtirokchilar qisqa va uzoq masofalarga yugurish, turnikda tortilish hamda belgilangan jismoniy tayyorgarlik me’yorlarini bajardi. Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida futbol hamda boshqa jamoaviy sport musobaqalari tashkil etildi.
Amaliy mashg‘ulotlar harbiy qismning dala o‘quv maydonida davom ettirildi. Unda ishtirokchilar yagona to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, jamoa tarkibida harakatlanish, murakkab sharoitlarda vazifalarni bajarish hamda ruhiy-psixologik barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan mashqlarni bajardi.
Yig‘in doirasida harbiy xizmatchilar poytaxtdagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, markaz ekspozitsiyalari, tarixiy qo‘lyozmalar va noyob eksponatlar bilan tanishdi. Tadbir davomida ularga xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi hamda yurtimizning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumotlar berildi.
Kun yakunida yig‘in ishtirokchilari uchun Olmaliq harbiy qismining “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi tomonidan tayyorlangan madaniy-konsert dasturi namoyish etildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati








