“Jasorat maktablari”ga 2026–2027-o‘quv yili uchun kirish imtihonlari boshlandi
2026-07-01 18:00:00 / Yangiliklar

2025–2026-o‘quv yili uchun ushbu maktablarga 18 441 nafar nomzod hujjat topshirgan bo‘lsa, joriy yilda talabgorlar soni yanada oshib, 25 513 nafar yoshlar “Jasorat maktablari”da tahsil olish istagini bildirib, onlayn tarzda hujjat topshirdi.
Bugun, erta tongdan respublikamizning barcha hududlarida 2026–2027-o‘quv yili uchun “Jasorat maktablari”ga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, poytaxtimizdagi UZEKSPO markazi pavilyonlarida ham talabgorlar Bilim va malakalarni baholash agentligi mutaxassislari nazorati ostida ona tili va matematika fanlaridan test sinovlarini topshirdilar.
Imtihon jarayonlari Mudofaa vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Harbiy prokuratura vakillari ishtirokida kuzatib borildi.
Kirish sinovlari belgilangan tartib, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etildi. Talabgorlar va ularning ota-onalari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilib, ota-onalarga farzandlarining test jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniyati taqdim etildi.
Sinov jarayonida ishtirokchilar matematika fanidan 30 ta hamda ona tili fanidan 20 ta test topshirig‘ini bajardilar. Test sinovlari bo‘yicha maksimal natija 50 ballni tashkil etadi.
Qabul jarayonining ikkinchi bosqichi — jismoniy tayyorgarlik sinovlari joriy yilning iyul oyi ikkinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hududlarda test sinovlari yakunlangach, o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun harbiy-vatanparvarlik festivallari tashkil etildi. Tadbirlar davomida harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etilib, harbiy orkestr jamoalari ishtirokida konsert dasturlari tashkil qilindi.
Mazkur jarayonlar yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









