Ochiq muloqot – harbiy islohotlarning amaliy ifodasi
2026-07-01 17:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida muddatli harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimi, taʻlim olish va kasb-hunar egallash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʻlumot berildi. Xususan, “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida har bir harbiy xizmatchini zamonaviy va mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish boʻyicha olib borilayotgan tizimli ishlar alohida eʻtirof etildi.
Muloqot davomida askarlar kasbiy tayyorgarlik, oliy taʻlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun berilayotgan imtiyozlar, xizmatdan keyingi bandlik hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarni yoʻlladi. Barcha murojaatlar atroflicha koʻrib chiqilib, mutasaddilar tomonidan batafsil va asosli javoblar berildi.
Taʻkidlanganidek, bugungi kunda Qurolli Kuchlarda harbiy xizmatchilarning bilim va salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga oʻrgatish hamda ertangi hayotga puxta tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois bunday uchrashuvlar nafaqat ochiq muloqot maydoni, balki har bir askarning kelajagini belgilashga xizmat qiladigan muhim platforma sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuv yakunida Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, harbiy intizomga qatʻiy rioya etish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda egallanayotgan bilim va kasb-hunarni kelajak muvaffaqiyatining mustahkam poydevoriga aylantirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Bunday uchrashuvlar harbiy jamoalarda oʻzaro ishonchni mustahkamlash, yoshlarning maʻnaviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirish va Yangi Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati




