Korrupsiyaga qarshi kurash — qonun ustuvorligi va shaffoflik kafolati
2026-07-01 10:10:00 / Yangiliklar

Tadbirlarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, ushbu illatga qarshi kurashishda har bir harbiy xizmatchining shaxsiy mas’uliyati va xizmat burchiga sadoqati muhim omil hisoblanishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, xizmat vazifalarini halollik, xolislik va qonuniylik tamoyillari asosida bajarish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazmuni keng tushuntirildi.
Harbiy prokuratura xodimlari tomonidan 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati atroflicha sharhlab berildi. Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlar elektron reyestrini yuritish, davlat organlari va tashkilotlarida komplayens nazorati hamda ichki nazorat tizimlarini yanada takomillashtirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashga xizmat qiluvchi xavf-xatarlar xaritasini shakllantirishga doir yangi normalarning amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida harbiy jamoalarda ochiqlik va hisobdorlik muhitini qaror toptirish, xizmat faoliyatida shaffof boshqaruv mexanizmlarini keng joriy etish, korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar xususida ham fikr almashildi.
Yakunda harbiy xizmatchilar va ishchi-xizmatchilarni korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosatini izchil qo‘llab-quvvatlash, xizmat faoliyatida halollik, shaffoflik va qonun ustuvorligi tamoyillariga qat’iy amal qilishga da’vat etildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati









