Ofitserlar bilim, mahorat va matonatda bellashdi
2026-06-29 12:15:00 / Yangiliklar

Ko‘rik-tanlov davomida ishtirokchilar bir qator murakkab va mas’uliyatli sinov shartlari bo‘yicha o‘z bilim, mahorat hamda amaliy tayyorgarlik darajasini namoyon etdi. Xususan, yugurish, turnikda tortilish, o‘q otish, mutaxassislik fanlari bo‘yicha test sinovlari, texnik tayyorgarlik va amaliy mashg‘ulotlar orqali har bir ofitserning kasbiy salohiyati har tomonlama baholandi.
Shuningdek, ishtirokchilarning xizmat faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlarni bilish darajasi, tarbiyaviy ishlarni tashkil etish bo‘yicha nazariy tayyorgarligi, harbiy jamoalarda ma’naviy-ruhiy muhitni mustahkamlash borasidagi bilimlari hamda rahbarlik qobiliyati belgilangan mezonlar asosida sinovdan o‘tkazildi.
Tanlov jarayonida hakamlar hay’ati tomonidan barcha shartlar bo‘yicha ishtirokchilarning natijalari xolislik, shaffoflik va belgilangan baholash mezonlari asosida tahlil qilindi. Baholashda nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki tezkor fikrlash, vaziyatni to‘g‘ri baholash, qisqa vaqt ichida oqilona qaror qabul qilish, kasbiy bilim, yetakchilik fazilatlari va xizmat intizomiga qat’iy rioya etish darajasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Musobaqa davomida ofitserlar o‘zlarining mas’uliyati, Vatanga sadoqati, tashabbuskorligi va fidoyiligini namoyon etib, sog‘lom raqobat muhitida o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, zamonaviy ish uslublarini keng joriy etish hamda harbiy jamoalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, barcha sinovlarni muvaffaqiyatli bosib o‘tib, eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari hamda qimmatbaho sovrinlar bilan munosib taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









