Yong‘inga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassislar tajriba almashdi
2026-06-29 12:15:00 / Yangiliklar

O‘quv-uslubiy yig‘inning nazariy qismida ishtirokchilarga harbiy qism va muassasalarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yong‘in profilaktikasi tadbirlarini samarali tashkil etish, yong‘indan saqlash xizmati bo‘linmalarida jangovar hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikni yo‘lga qo‘yish, xizmat hujjatlarini amaldagi me’yoriy hujjatlar asosida yuritish, yong‘in o‘chirish texnikalaridan oqilona foydalanish va ularni soz holatda saqlash bo‘yicha batafsil ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, yong‘inlarni bartaraf etishda qo‘llanilayotgan zamonaviy taktik usullar, kuch va vositalarni boshqarish, favqulodda vaziyatlarda qaror qabul qilishning samarali mexanizmlari hamda bo‘linmalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘inning amaliy bosqichi Termiz garnizoni hududida joylashgan harbiy qismlar hamda hamkorlikdagi kuch tuzilmalarning yong‘in o‘chirish ekipajlari ishtirokida tashkil etildi. Harbiy qism hududidagi obyektlardan birida shartli yong‘in holati yaratilib, uni bartaraf etish bo‘yicha maxsus-taktik mashq o‘tkazildi.
Mashq real sharoitga maksimal darajada yaqinlashtirilgan holda tashkil etilib, yong‘in sodir bo‘lganda bo‘linmalarning tezkor safarbar etilishi, kuch va vositalarni oqilona taqsimlash, suv ta’minotini uzluksiz yo‘lga qo‘yish, yong‘in o‘chirish texnikalaridan samarali foydalanish hamda shaxsiy tarkibning o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlari amaliy sinovdan o‘tkazildi.
O‘quv-uslubiy yig‘in yakunida mutaxassislar tomonidan bunday mashg‘ulotlar yong‘indan saqlash xizmati bo‘linmalarining jangovar shayligini mustahkamlash, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha amaliy tajribani boyitish, shuningdek, harbiy obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.







