Bir guruh ofitserlarga magistrlik diplomi tantanali topshirildi
2026-06-27 14:40:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchilar, Toshkent harbiy prokuraturasi vakillari, jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, bitiruvchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.
Marosim davomida magistratura bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan ofitserlar samimiy muborakbod etildi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimiz Qurolli Kuchlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallagan, strategik fikrlash qobiliyatiga ega harbiy kadrlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda harbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan izchil ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Bugungi kunda harbiy oliy ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan ofitserlar zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarni chuqur tahlil qila oladigan, murakkab vaziyatlarda mustaqil va oqilona qaror qabul qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislar sifatida shakllanmoqda.
Tadbir davomida magistratura tinglovchilariga diplom va ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikasidan kelib tahsil olgan bitiruvchilarga esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
Shu kabi tantanali marosim Harbiy aviatsiya institutida ham tashkil etilib, unda bir guruh ofitserlarga magistrlik diplomlari topshirildi. Bitiruvchilarga kelgusi xizmat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, sharafli va mas’uliyatli vazifalarni munosib ado etishlari tilandi.
Tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Kapitan Shohrux Saidov
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








