Gender tenglik – ustuvor vazifa
2026-06-27 11:45:00 / Yangiliklar

Mudofaa vazirligi hamda Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamkorligida oʻtkazilgan mazkur tadbirda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism hamda muassasalar Xotin-qizlar va gender tenglik boʻyicha Maslahat kengashi va Harbiy qism yettiligi aʼzolari, kadr organi xodimlari, shuningdek, kasaba uyushmasi qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi ma'sullari soʻzga chiqib, gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalari yuzasidan atroflicha maʼlumotlar taqdim qildi.
Xususan, vazirlik tizimida genderga oid audit oʻtkazilib, 62 ta harbiy qism va muassasalarda holat oʻrganilganini qayd etdi. Tahlillar natijasida xodimlar oʻrtasida teng huquq va imkoniyatlar taʼminlanayotgani, mehnatga haq toʻlashda jinsga qarab farq qilinmayotgani, shuningdek, ayollarning rahbarlik lavozimlaridagi ulushi ortib borayotgani taʼkidlandi.
Soʻrovnomalar va suhbatlar orqali xodimlarning fikrlari oʻrganilib, umumiy holat ijobiy baholangani eʼtirof etildi. Yakunda esa gender tenglikni yanada mustahkamlash, bu borada tizimli ishlash va aniq vazifalarni belgilash zarurligiga urgʻu berdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ishtirokchilarga gender tenglikni taʼminlashda davlat siyosati, amaldagi qonunchilik va uning ijrosini kuchaytirishga qaratilgan mexanizmlar haqida ham atroflicha maʼlumotlar berildi. Jumladan, Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Mehnat inspeksiyasi vakillari davlat idoralarida genderga oid auditning asosiy jihatlari, uning samaradorligi va amaliy ahamiyati xususida maʼruza qildi.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari esa Yangi Oʻzbekistonda farovon oilani shakllantirish, xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va ularni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarga toʻxtalib oʻtishdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining mutaxassislari tomonidan gender masalalari, jamiyatda tenglikni taʼminlash va bu boradagi dolzarb vazifalar yuzasidan qilgan maʼruzasi ham ishtirokchilar uchun manfaatli boʻldi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan gender tenglikni yanada mustahkamlash, bu boradagi ishlarni tizimli davom ettirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





