Yaponiyada istiqbolli muzokaralar davom etmoqda
2026-06-24 16:35:00 / Yangiliklar

astlab, delegatsiya Yaponiya Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligida “O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi raqamli hamkorlik bo‘yicha aloqa uyushmasi” maslahatchisi Miyuki Suyuki bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida Yaponiyada vaqtincha haydovchi sifatida faoliyat yuritish istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolarni ushbu mamlakat yo‘l harakati qoidalari asosida sifatli tayyorlash, shuningdek, Toshkent shahrida Yaponiya standartlariga mos zamonaviy o‘quv avtodromini barpo etish masalalari muhokama qilindi.
`Shuningdek, uchrashuvda “Vatanparvar” tashkiloti huzurida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan o‘quv guruhlari amaliy mashg‘ulotlari uchun Yaponiyadan o‘quv avtomobillarini, motokross sporti yo‘nalishida shug‘ullanayotgan sportchilar uchun esa sport mototsikllarini O‘zbekistonga olib kirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so‘ng, “SHIMIZU” korporatsiyasining Toshkent shahridagi idorasi vakili Ulug‘bek Nizomov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yaponiyaning qurilish sohasiga “Vatanparvar” tashkiloti tasarrufidagi ta’lim muassasalarida texnik kasb-hunar yo‘nalishlarida tahsil olayotgan fuqarolarni jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Delegatsiya, shuningdek, Yaponiya vakolatli haydovchilik maktablari assotsiatsiyalari federatsiyasi rahbari Kendji Yamadzaki bilan uchrashdi. Mazkur muloqot davomida yapon avtomaktablari faoliyati, o‘quv avtodromlari infratuzilmasi hamda haydovchilikka o‘qitish tizimi bilan yaqindan tanishildi. Suhbat chog‘ida Kendji Yamadzaki O‘zbekistonda barpo etilishi rejalashtirilayotgan avtodromni sifatli va zamonaviy talablar asosida qurish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdi.
Tadbir doirasida Tiba prefekturasidagi avtomaktablardan biriga uyushtirilgan ekskursiya ham delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi. Mazkur avtomaktabning ijrochi direktori Isida Takexiro mehmonlarni innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan sinfxonalar, amaliy mashg‘ulot maydonlari hamda zamonaviy o‘quv dasturlari bilan tanishtirdi.
Uchrashuv davomida Isida Takexiro o‘zbekistonlik haydovchilarni Yaponiya ta’lim dasturlari asosida tayyorlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirib, o‘zi rahbarlik qilayotgan avtomaktab ushbu yo‘nalishda “Vatanparvar” tashkilotiga doimiy ravishda konsultativ va uslubiy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati





