OAV xodimlari o‘rtasida o‘q otish bo‘yicha musobaqa tashkil etildi
2026-06-23 20:15:00 / Yangiliklar

“Sport – salomatlik garovi!” shiori ostida tashkil etilgan mazkur musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad jurnalistlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sportning texnik va amaliy turlari bilan faol shug‘ullanishga keng jalb etishdan iborat bo‘ldi.
Bellashuv davomida ishtirokchilar 10 metr masofadan pnevmatik miltiqlardan foydalanib, belgilangan nishonlarni aniq mo‘ljalga olish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.
Qizg‘in va do‘stona ruhda kechgan musobaqa yakunlariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida quyidagi ishtirokchilar sovrinli o‘rinlarni egalladi:
1-o‘rin — Zaitov Sanjar Sunnatullayevich (“Sport” telekanali);
2-o‘rin — Akbarov Muhammadali Ma’murjon o‘g‘li (“O‘zbekiston” telekanali);
3-o‘rin — Qurbonov G‘ayratjon Sunnatovich (“Yoshlar” telekanali).
Ayollar o‘rtasida esa:
1-o‘rin — Qayumova Mohira Abdumalik qizi (“Toshkent” telekanali);
2-o‘rin — Rahimova Dinara Rasulbek qizi (“Yoshlar” telekanali);
3-o‘rin — Zakirova Laura Xayriddinovna (Milliy olimpiya qo‘mitasi Media va marketing departamenti).
Musobaqa g‘oliblari va sovrindorlari “Vatanparvar” tashkilotining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda “Vatanparvar” tashkiloti tizimida avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, biatlon, o‘q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel hamda radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha seksiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tashkilot sportchilari mazkur yo‘nalishlarda respublika, MDH, Osiyo va jahon miqyosidagi musobaqalarda munosib natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Musobaqa doirasida “Vatanparvar” tashkilotining faoliyati va erishayotgan yutuqlarini keng yoritib kelayotgan ommaviy axborot vositalari vakillariga alohida minnatdorlik bildirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati









