“Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
2026-06-22 15:35:00 / Yangiliklar

Unda Samarqand harbiy prokurori hamda Samarqand harbiy sudi raisi ishtirok etdi. Tadbirda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, qonunchilikdagi yangiliklarning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar jahon miqyosida dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, sintetik narkotik vositalarning paydo bo‘lishi, ularning internet tarmoqlari va ijtimoiy platformalar orqali yashirin usullarda tarqatilishi ushbu tahdid ko‘lamining ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois mamlakatimizda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni turli zararli illatlardan asrash hamda narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyundagi O‘RQ–1151-sonli Qonuni mazmun-mohiyati ham atroflicha tushuntirildi. Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Xususan, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni noqonuniy muomalaga kiritish, saqlash, tarqatish, yashirin tarzda yetkazib berish, shuningdek, voyaga yetmaganlarni bunday noqonuniy faoliyatga jalb qilish bilan bog‘liq qilmishlar uchun javobgarlik kuchaytirilgani qayd etildi.
Davra suhbati jarayonida harbiy xizmatchilar va yig‘in ishtirokchilarining huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularda giyohvandlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, hushyorlik va ogohlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.






