“Askar oilasi harbiy qismda” loyihasi doirasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
2026-06-22 14:40:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida mehmonlar harbiy qism hududida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, askarlar yotoqxonasi, o‘quv binolari, maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari, jangovar va maxsus harbiy texnikalar ko‘zdan kechirildi. Ishtirokchilarga muddatli harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan yashash, ovqatlanish, ta’lim olish va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish sharoitlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, harbiy qism mutasaddilari tomonidan harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jangovar va ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini oshirish, xizmat jarayonini samarali tashkil etish, intizom va mas’uliyatni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Oila a’zolariga harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, yurt himoyachilariga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ularning xizmat faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot taqdim etildi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar va ularning yaqinlari bilan samimiy muloqot tashkil etilib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi. Bunday ochiq muloqot muhitida o‘tkazilgan uchrashuv oila a’zolarining farzandlari va yaqinlarining xizmat o‘tash sharoitlari haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi, harbiy qism faoliyatiga nisbatan ishonch va hurmatni mustahkamladi.
Uchrashuv samimiy, ochiq va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati








