Mudofaa vazirligi ofitserlari diplomatik bilimlarini oshirishdi
2026-06-22 14:35:00 / Yangiliklar

Xususan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga asosan ofitserlarning xalqaro munosabatlar, xalqaro huquq va diplomatik protokol yoʻnalishlarida bilimlarini oshirish maqsadida 2023-yildan boshlab Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyaning “Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyati. Diplomatik protokol, etiket va muzokaralar jarayoni” kursida malaka oshirishi yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunga qadar ushbu malaka oshirish kurslarida 100 ga yaqin rahbar lavozimdagi ofitserlar zamonaviy dasturlar asosida oʻz malakasini oshirdi.
Bu esa, oʻz navbatida, yuksak professional mahorat va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga, tahliliy fikrlash qobiliyatiga ega boʻlgan, nostandart vaziyatlarda tezkor qaror qabul qila oladigan, ilgʻor xorijiy tajribalarni qoʻshinlar faoliyatiga tatbiq qilishga qodir ofitser kadrlarni tayyorlash imkonini berdi.
Bugungi kunda jahondagi geosiyosiy vaziyat shiddat bilan oʻzgarib, turli mintaqalarda qurolli mojarolar kuchayib borayotgan sharoitlarda mamlakatimiz va mintaqamizda barqarorlikni taʼminlash dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy davlatlar bilan harbiy hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish ofitserlar xizmat faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, joriy yil iyun oyida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyaning malaka oshirish kursida bir guruh rahbar lavozimidagi ofitserlarning diplomatik protokol, diplomatik etiket va xalqaro huquq yoʻnalishlarida bilim va mahoratlarini oshirish maqsadida oʻqitish tashkil etildi.
Mazkur malaka oshirish kursi davomida ofitserlarga diplomatiya sohasida boy tajribaga ega boʻlgan ustozlar tomonidan amaliy treninglar olib borildi.
Dunyoda mavjud davlatlar qonunlarida taʼkidlangandek, diplomatik mahoratning vazifasi urush va nizolarning oldini olish va tinchlikni mustahkamlashdan iborat. Shunday ekan, harbiy xizmatchilar tomonidan olingan yangi bilim va koʻnikmalar kelgusida xorijiy hamkorlar bilan ishlashda juda yaxshi samara berishi shubhasiz.
Bu maʼnoda kelgusi istiqbolda ham Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya bilan kadrlar zaxirasiga kiritilgan, istiqbolli ofitserlarni malakasini oshirish boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Malaka oshirish kursining bitiruv tadbirida Diplomatik akademiya rahbariyati va Mudofaa vazirligi masʼul vakillari tomonidan ofitserlarga sertifikatlar topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






