Parashyutchi harbiylarimiz xalqaro chempionatda shohsupani zabt etdi
2026-06-22 08:20:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli musobaqada Belarus, Rossiya, Qozogʻiston va Oʻzbekistondan kelgan jami 14 nafar erkaklar hamda 8 nafar ayollar jamoasi, shuningdek, individual yoʻnalishda 100 nafardan ortiq nafar harbiy xizmatchi oʻzaro kuch sinashdi. Shiddatli va murosasiz kechgan bahslarda hamyurtlarimiz yorqin natija koʻrsatib, ikkita jamoa tarkibida faxrli ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egalladi.
Musobaqa dasturiga ko'ra, ishtirokchilar individual va jamoaviy tartibda aniq nuqtaga sakrash va individual akrobatik sakrash shartlari bo'yicha o'zaro bellashdilar.
Aniq nuqtaga sakrash shartida harbiy xizmatchilar samolyot hamda vertolyotlarda 1000 metr balandlikdan parashyutda sakrab, belgilangan nuqtaga aniq qoʻnish mahoratini namoyish etishdi. Individual akrobatik sakrash shartida harbiylar 2200 metr balandlikka koʻtarildi, shundan so'ng pastga erkin yiqilish jarayonida 30 soniya ichida oltita akrobatik manyovrni bajarishlari talab etildi.
Ikkala shart yakunlariga koʻra, individual va jamoaviy bellashuvlarning gʻolib va sovrindorlari aniqlandi. Yurtdoshlarimiz oʻzlarining yuqori professional tayyorgarligi, mustahkam irodasi va mahorati evaziga kuchli raqiblar orasida peshqadamlar safiga kirib, xalqaro miqyosda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining nufuzini yana bir bor namoyish etdilar.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida parashyutchi harbiylarimiz Mudofaa vazirligi mas'ul ofitserlari, oila a'zolari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali tarzda kutib olindi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









