“Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosidagi ta’lim jarayoniga alohida e’tibor
2026-06-21 10:20:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir davomida muddatli harbiy xizmatchilarni kasbga yo‘naltirish, ularning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xizmatdan keyingi hayotga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir chog‘ida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tarkibidagi qo‘mondonlik boshlig‘i tomonidan harbiy xizmatchilarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi, mashg‘ulotlarning mazmuni hamda erishilayotgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, ushbu loyiha muddatli harbiy xizmatchilarning nafaqat harbiy tayyorgarligini, balki ularning kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Shundan so‘ng Harbiy-ma’muriy sektor rahbari muddatli harbiy xizmatchilar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar hamda yoshlarning kasb-hunar egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Muloqot jarayonida har bir askarning muayyan kasb egallashi, xizmatni tugatgach mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi, oilasi va jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shishi muhim vazifa ekanligi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda kelgusidagi faoliyatida zarur amaliy yordam ko‘rsatish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Harbiy xizmatchilar tomonidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar, ta’lim jarayoni va kelgusidagi mehnat faoliyatiga oid takliflar bildirildi. Mutasaddilar tomonidan ularga batafsil javoblar berilib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







