Mustahkam mudofaa — zamonaviy infratuzilmadan boshlanadi
2026-06-20 15:30:00 / Yangiliklar

Yangi binoning ochilish marosimida Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, tuman hokimligi, Guliston harbiy prokuraturasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosim davomida mamlakatimizda mudofaa sohasini modernizatsiya qilish, harbiy boshqaruv tizimini takomillashtirish va Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, yangi ma’muriy bino harbiy-ma’muriy faoliyatni samarali tashkil etish, muddatli harbiy xizmatga chaqirish va harbiy hisob tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, aholi bilan ishlash sifatini oshirish maqsadida bunyod etilgan. Zamonaviy me’moriy yechimlar asosida qad rostlagan ushbu inshoot o‘quv-mashg‘ulot xonalari, navbatchilik bo‘limlari, chaqiruv punkti, xizmat xonalari hamda boshqa zarur infratuzilma obyektlari bilan to‘liq jihozlangan.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutasaddilar tomonidan yurtimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, harbiy boshqaruv organlari faoliyatini zamon talablari asosida tashkil etish hamda yoshlarni Vatanga sadoqat, mardlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlarning ahamiyati alohida e’tirof etildi. Shuningdek, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish va yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlashda Mudofaa ishlari bo‘limlarining o‘rni muhim ekani ta’kidlandi.
Yangi binoning e’tiborga molik jihatlaridan biri unda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida raqamlashtirilgan elektron ma’lumotlar bazasi joriy etilganidir. Mazkur tizim harbiy hisob va chaqiruv jarayonlarini avtomatlashtirish, ma’lumotlar bazasini tezkor yuritish, hujjatlar aylanishini soddalashtirish hamda xizmat faoliyati samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va tezkorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yangi ma’muriy binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, uning moddiy-texnik bazasi hamda zamonaviy imkoniyatlariga yuqori baho berdi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









