Ilk ofitserlik unvoni muborak!
2026-06-20 11:45:00 / Yangiliklar

Boʻlgʻusi ofitserlar harbiy orkestrning mardonavor sadolari ostida saf maydoniga kirib kelishdi. Ularning yuz-koʻzlaridagi chaqnoqlik, iftixor, Vatanga xizmat qilishga boʻlgan sadoqat balqib turdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov yosh ofitserlarni samimiy qutlab, ularga taʼlim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini eʼtirof etdi.
Mudofaa vaziri universitetni imtiyozli tamomlagan bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori adliya polkovnigi Qahramon Isroilov, Oliy Majlis Senati a’zolari va boshqa faxriy mehmonlar hamrohligida diplom va koʻkrak nishonlarini topshirdi.
Shubhasiz, bu kabi hayajonli lahzalar harbiy xizmatchining qalbida umrbod saqlanadi. Marosimda soʻz olgan faxriy mehmonlar, taniqli ijodkorlar Vatan himoyasiga bel bogʻlagan yoshlarning sadoqati va fidoyiligini yuksak baholab, ularga samimiy tilaklar yoʻllashdi. Bunday yuksak eʼtirof va chorlovlar navqiron ofitserlar qalbida muhabbat va masʼuliyat tuygʻularini yanada mustahkamladi.
Tadbirning badiiy qismi milliy anʼanalar ruhi va qadimiy ohanglar hamrohligida davom etdi. Sahnada Amir Temur siymosi orqali yangragan murojaatlar, yosh avlodga yoʻllangan tarixiy chorlovlar barchaning qalbida gʻurur uygʻotdi.
Oʻz farzandlari kamolidan xushvaqt boʻlib turgan ota-onalar, akalariga havas koʻzi bilan boqayotgan jajji bolajonlarning quvonchi bayramga oʻzgacha kayfiyat olib kirdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









