“Qalqon” jamoalari o‘rtasida harbiy-sport o‘yinlari o‘tkazildi
2026-06-19 17:30:00 / Yangiliklar

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar ittifoqi hamkorligida Nukus shahrida o‘tkazilgan musobaqada oliy ta’lim muassasalarining “Qalqon” jamoalari ishtirok etdi.
Musobaqa dasturidan harbiy estafeta, turnikda tortilish, 24 kilogrammli tosh ko‘tarish, AK-74 avtomatini to‘liq qismlarga ajratish va qayta yig‘ish hamda arqon tortish kabi murakkab va qiziqarli shartlar o‘rin oldi. Har bir yo‘nalishda ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, matonati va jangovar ruhini namoyon etdi.
Bahslar davomida yoshlar nafaqat sport mahorati, balki tezkor qaror qabul qilish, jamoada hamjihatlik bilan harakat qilish, intizom va mas’uliyat kabi muhim fazilatlarini ham ko‘rsatdi. Ayniqsa, harbiy-amaliy shartlarda qatnashchilarning puxta tayyorgarligi, harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishi hamda Vatan himoyasiga daxldorlik hissi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Qizg‘in va murosasiz kurashlar ostida kechgan musobaqa yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan jamoalar aniqlandi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar hamda hamkor tashkilotlar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari va qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi.
Musobaqaning mutlaq g‘olibi sifatida Qoraqalpoq davlat universitetining “Qalqon” jamoasi e’tirof etildi. Jamoa barcha shartlar bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda “Ittifoq kubogi” sohibiga aylandi. Ushbu g‘alaba ularga musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini beruvchi yo‘llanmani ham taqdim etdi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati








